- Bosh sahifa
- Murojaatlar
- 2026-yil 1-oktabr
Namoz bo‘yicha o‘ttiz uchinchi umummilliy anjumanga murojaat
Bu forscha asl matnning tarjimasi. Forscha asl matn
بسماللهالرّحمنالرّحیم
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan
«Namozni barpo etish»dek oliy ishga e’tibor qaratish, xususan, Namoz anjumanini o‘tkazish yetmishinchi yillar (hijriy-shamsiy) boshidan buyon mamlakatda mujohid va xalqparvar olim, Qur’on ustozi va mohir muballig‘ Hujjatul Islom val-muslimin Qiroatiy (barakalari davomli bo‘lsin)ning sa’y-harakati bilan shakllangan zarur va lozim tadbirlardan biridir. Buyuk shahid rahbar (Alloh uning sharafli maqomini oliy qilsin)ning bu ishga alohida e’tibori va o‘tgan o‘ttiz ikki anjumanga yo‘llagan payg‘omlaridagi muhim, doimiy va qat’iy tavsiyalari ham bu yo‘nalishning ahamiyatini yanada oshiradi. Shubhasiz, namoz haqida so‘zlash yoki yozish ilohiy vahiy, Payg‘ambari akram (sollallohu alayhi va olihi va sallam) va ma’sum imomlar (alayhimussalotu vassalom)ning so‘zlari sha’ni va darajasidadir va men kabilarning qalami namoz ma’rifatlarining chuqurligi haqida biror narsa bitishdan kichikdir. Ammo Islom jamiyatining o‘ziga xosligi va talablari hamda uning xizmatkorlari, ayniqsa Islom inqilobi rahbariyatining vazifalari shuni taqozo etadiki, bu borada o‘zimga, xalqning barcha a’zolariga va mas’ullarga bir necha jumlani eslatib o‘tsam.
Namoz Haq taolo (jalla va alo)ning eng go‘zal ulug‘ ne’matlaridan biri, dinning eng oliy instituti, ramzi va ustuni, har birimizni cheksiz va boqiy ilohiy manba bilan yaqin va bevosita bog‘lovchi rishtadir. Najot va saodatning bu iksiri va pokiza hayotning ustuni ham insonning nafs shaytoni va dunyoviy shaytonlarga qarshi kurashidagi mustahkam va doimiy tayanchi va bitmas-tuganmas zaxirasi, ham ishq, umid, mehribonlik va xotirjamlikning qaynab turgan bulog‘idir; barakalarning nozil bo‘lishi va ilohiy rizqlarning mo‘l bo‘lishi ham namozni barpo etish va istig‘for tufayli yuz beradi va ortib boradi.
Ammo namoz farzi faqat shaxsiy vazifa emas; Qur’on ta’limotiga ko‘ra, namozni barpo etish solihlar hukmronligining birinchi samarasi va belgisidir: «اَلّذینَ اِنْ مَکَّنّاهُم فی الأرضِ اَقاموا الصَّلاة» (Ular shunday kishilarki, agar Biz ularni yer yuzida mustahkam joylashtirsak, namozni barpo etadilar) (Haj, 22:41). Bu oyatning muborak Haj surasida Alloh taoloning yordamchilari va ularning jihodi haqidagi ilohiy nusrat va’dasi oyatidan keyin aynan kelishi shuni ko‘rsatadiki, namozni barpo etish Allohning zikri, Unga umid va ishonchning mustahkam tayanchi sifatida jihodda, kurash maydonlaridagi fath va g‘alabada, ayniqsa bugun Eron millati oldida turgan kurash maydonida alohida o‘rin tutadi.
Bugun aziz Eron xalqining mustahkamlik va qudrat sharti avvalgidan ham ko‘proq ta’minlangan ekan, qo‘zg‘algan millatning har bir a’zosi namozni barpo etish haqidagi «اَقیموا الصَّلاة» (Namozni barpo etinglar) degan takroriy ilohiy buyruqning muxotabidir. Bundan tashqari, jamiyatdagi barcha ta’sirli shaxslar – ota-onalar va oilalardan tortib o‘qituvchilar va do‘stlargacha, ustozlar va sara kishilardan tortib taniqli va mashhur shaxslargacha – hamda barcha madaniyat shakllantiruvchi muassasa va idoralar, jumladan, masjidlar, juma namozlari, maktablar, universitetlar, diniy ilm hovzalari, Radio va televideniye, madaniy va ijtimoiy faollar hamda xalq Basiji, ayniqsa o‘smirlar va yoshlar qatlami bilan aloqada bo‘lganlar bu ishda ikki baravar mas’uliyatga egadirlar.
Muhammadiy (sollallohu alayhi va olihi va sallam) sof Islom bayrog‘ini baland ko‘targan va Islom hukmronligi bilan faxrlanadigan jamiyat va mamlakat hududida namozni uning barcha to‘ldiruvchi bosqichlari va kamolot darajalarida barpo etish eng muhim ishlar jumlasidandir va Islomiy harakat va inqilob bosqichidan Islomiy jamiyat bosqichigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish uchun zamin yaratishda zarur ishdir; shundan so‘nggina Islom tamadduni bosqichiga erishish mumkin bo‘ladi. Namozning institutsionallashuvi, keng tarqalishi va umumxalq ishiga aylanishi, so‘ngra uni go‘zal tarzda ado etish uchun umumiy sa’y-harakat bu muhim maqsadga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning ikki asosiy tomonidir; masjidlarni obod qilish hamda jamoat va juma namozlarining miqdorini kengaytirish va zohiriy sifatini oshirish uchun boshqa tadbirlar bu muhim maqsadga erishish uchun zarur muqaddimalardir. Bularning barchasida xalqning boshpanasi, uning dardini eshitadigan va qabul qiladigan quloq bo‘lishi lozim bo‘lgan jamoat va juma imomlarining o‘rni juda yuksakdir.
Umid qilamanki, ilohiy tafazzullar va sarvarimiz (Alloh taolo uning zuhurini tezlashtirsin)ning e’tibori va xos duosi bilan aziz millatimiz va mamlakatimiz namozni barpo etish va uning fayz va barakalaridan bahramand bo‘lishda muvaffaq va qo‘llab-quvvatlangan bo‘ladilar.
Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy
9/mehr/1405