Bu forscha asl matnning tarjimasi. Forscha asl matn

بسم‌الله الرّحمن الرّحیم
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan

O‘rdibihisht oyining o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlari ishchining maqomi va o‘qituvchining martabasi qadrlanadigan kunlardir. O‘z navbatida o‘rinli va to‘g‘ri ish bo‘lgan og‘zaki va ramziy e’zozlashdan qat’i nazar, har qanday mamlakatning taraqqiyoti ilm va amaldan iborat ikki qanotga bog‘liqdir.

O‘qituvchi bu maqsadni ro‘yobga chiqarishning birinchi bosqichida faol rol o‘ynaydi. Bilim berish, ko‘nikmani oshirish hamda kelajak avlodning dunyoqarashini o‘stirish va o‘ziga xosligini shakllantirishning muhim qismidek mas’uliyatli vazifa uning zimmasidadir. Har bir o‘qituvchi yonida voyaga yetadigan o‘quvchilar, talabalar va tolibi ilmlar yaqin kelajakda o‘zlashtirgan ko‘nikmalari va o‘rgangan bilimlarini amalda qo‘llaydilar va ehtimol oilaning iliq davrasidan tortib ish joyi, ko‘cha va xiyobongacha bo‘lgan turli sohalarda o‘z xulq-atvori, xatti-harakati va so‘zlarida ko‘zgu kabi o‘z ustozlarining xatti-harakatlari va so‘zlarini aks ettiradilar.

Boshqa tomondan, mehnat sohasi butun mamlakat bo‘ylab yoyilgan keng maydon bo‘lib, uylar, idoralar, biznes birliklari va masjidlardan tortib dalalar, ustaxonalar, zavodlar, konlar va xizmat ko‘rsatishning ko‘plab turlarigacha cho‘zilgan. Bu keng maydon har qanday ulkan muvaffaqiyatning ustunlari hisoblangan mehnatsevarlik va mas’uliyatlilik kabi ikki unsurdan qanchalik ko‘p bahramand bo‘lsa, mamlakat taraqqiyoti shunchalik ko‘proq va yaxshiroq kafolatlanadi.

Bilamizki, ishchi mas’uliyatlilik va ishni yaxshi bajarish tufayli ba’zan shunday mavqega erishadiki, o‘qituvchi va murabbiyning mehribon qo‘li kabi uning qudratli va mohir qo‘lidan ham minnatdorlik va tashakkur bo‘sasi olinishiga loyiq bo‘ladi. Albatta, bu har bir insonning ilk murabbiylari – ota-onasining tarbiyasi va undan keyin o‘qituvchi suhbatidan bahramand bo‘lish orqali ta’minlanadi.

Endilikda Eron Islom Respublikasi qirq yetti yildan ortiq mujohadadan so‘ng ilohiy fazlga tayanib, o‘z taraqqiyoti va yuksalishining dushmanlari bilan harbiy jangda o‘zining ko‘zga ko‘rinarli qudratining bir qismini jahonga isbotladi; iqtisodiy va madaniy jihod bosqichida ham ularni umidsizlantirib, mag‘lub etishi lozim.

O‘qituvchilar madaniy jangdagi eng ta’sirli halqa, ishchilar esa iqtisodiy jangdagi eng ta’sirli unsurlardan biri bo‘ladilar; shunday qilib, bu ikkisi madaniyat va iqtisodiyot sohasining umurtqa pog‘onasi ekanini da’vo qilish mumkin. Shu bois ular o‘zlarining alohida mavqei ahamiyatini – faoliyati uchun ish haqi olinadigan oddiy kasbdan yuqori bo‘lgan mavqeini – yaxshi anglashlari lozim.

Shu bilan bir qatorda e’tibor berish kerakki, yillik yoki vaqti-vaqti bilan bo‘ladigan og‘zaki e’zozlashlar garchi o‘rinli va munosib bo‘lsa-da, bu ikki qatlamning sa’y-harakatlarini qadrlash bundan ko‘ra chuqurroq va amaliyroq bo‘lishi lozim. Men o‘ylaymanki, aziz Eron millati maydonlar va ko‘chalarda hozir bo‘lib, o‘z mamlakatining harbiy kuchlarini munosib qo‘llab-quvvatlayotganidek, o‘qituvchilar va ishchilarga yordam berishda ham kuchli madad ko‘rsatishi munosibdir.

Jumladan, o‘quvchilar va talabalar oilalarining maktablar va universitetlarni boshqarishdagi hamkorligi avvalgidan ko‘ra kengroq ta’minlanishi lozim; shuningdek, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’mol qilishga ustuvorlik berib, unumli mehnat qilayotgan ishchilarni qo‘llab-quvvatlash kerak; ayniqsa zarar ko‘rgan biznes egalari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish birliklarida imkon qadar xodimlarni qisqartirish va ishdan bo‘shatishdan saqlanishlari, balki har bir ishchini o‘sha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish birligining boyligi deb bilishlari lozim; albatta, muhtaram hukumat ham imkon qadar bu xayrli ishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Aziz Eron yillar davomidagi sa’y-harakatlardan so‘ng harbiy qudrat maqomida namoyon bo‘lganidek, inshaAlloh va Allohning fazli bilan murabbiylar va o‘qituvchilar qo‘li bilan eroniy-islomiy o‘ziga xoslik chizgilarini belgilash va uni bu mamlakat yoshlarining ong va qalbiga imkon qadar chuqurroq singdirish orqali hamda mehnatkash eronlik ishchilar sa’y-harakatlarining samarasi bo‘lgan mahalliy mahsulotlarni iste’mol qilishga ustuvorlik berish orqali taraqqiyot va yuksalish cho‘qqilari sari yo‘lni bosib o‘tadi; albatta, bu sarvarimiz (Alloh taolo uning zuhurini tezlashtirsin)ning xayrli duosi va vositachiligi bilan imkon qadar tezroq va yaxshiroq amalga oshadi, بِاِذن‌الله تعالی (Alloh taoloning izni bilan). والسّلام علیکم و رحمت‌الله و برکاته (Sizlarga Allohning salomi, rahmati va barakalari bo‘lsin).

Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy
11/o‘rdibihisht/1405