Bu forscha asl matnning tarjimasi. Forscha asl matn

بسم‌الله الرّحمن الرّحیم
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan

اِنَّ اللهَ یُحِبُّ الَّذینَ یُقاتِلونَ فی سَبیلِهِ صَفّاً کَاَنَّهُم بُنیانٌ مَرصوص.
Albatta, Alloh O‘z yo‘lida go‘yo jips qilib qurilgan imoratdek saf tortib jang qiladiganlarni sevadi. (Saf, 61:4)

Buyuk Xumayniy (Allohning rahmati unga bo‘lsin)ning hakimona tashabbusi bilan shu nom berilgan 29-farvardin – Eron Islom Respublikasi Armiyasining muborak tashkil topgan kuni bilan barcha harbiylarni, ularning muhtaram oilalarini va buyuk Eron millatini tabriklayman.

Islom inqilobining g‘alabasi Armiya hayotidagi ikki davr o‘rtasidagi chegara chizig‘i hisoblanadi va uni bu yurtning dushmanlari tomonidan va ichki xoinlar qo‘li bilan Armiyaga hamda mamlakatning dovyurak va sodiq harbiylariga majburan tiqishtirilgan zaiflik davrining nihoyasi deb bilish lozim. Shundan so‘ng Armiya o‘zining to‘g‘ri joyida turdi va tog‘utiy va buzuq Pahlaviy tuzumiga tegishli bo‘lish o‘rniga millatning iliq bag‘riga kirdi; zero, haqiqatan ham Armiya millatning farzandi bo‘lib, xalq xonadonlaridan chiqadi. Ko‘p o‘tmay Armiya Amerikaning, Pahlaviy tog‘uti qoldiqlarining va parchalangan Eronni istagan separatistlarning shum rejalariga qarshi turdi va qahramonliklar yaratdi.

Islom Armiyasi hozir ham avvalgi ikki majburiy urushdagidek, o‘zi mansub bo‘lgan yurt va bayroqni mardonavor himoya qilmoqda; o‘zining ilohiy va xalqiy kuchli tayanchiga suyanib, zich va mustahkam saflarda qurolli kuchlarning boshqa mujohidlari bilan yelkama-yelka turib, kufr va istikbor jabhasining boshida turgan ikki armiya bilan panjama-panja olishib, ularning zaifligi va xorligini jahon ahli ko‘z o‘ngida namoyon etdi; uning dronlari Amerika va sionist jinoyatchilar ustiga chaqmoqdek tushayotganidek, dovyurak Harbiy-dengiz kuchlari ham dushmanlarga yangi mag‘lubiyatlar achchig‘ini totdirishga tayyor turibdi.

Boshqa tomondan, 29-farvardin zamonaning yagonasi – buyuk shahid rahbarimizning tavallud kuni hamdir; u inqilobning birinchi o‘n yilligidan boshlab Armiyani uni tarqatib yuborish haqidagi shum ovozlardan himoya qilish, so‘ngra uning turli yo‘nalishlardagi qudratini oshirish uchun eng ko‘p sa’y-harakat qilgan zotdir.

Shubhasiz, mamlakatni sharqdan g‘arbgacha, shimoldan janubgacha qo‘riqlayotgan bu asl xalqiy muassasaning turli qudratini oshirish yo‘nalishi ikki baravar izchillik bilan davom ettirilishi lozim va Allohning izni bilan yaqin kelajakda uni amalga oshirish uchun zarur choralar e’lon qilinadi. Bu yo‘lda so‘nggi besh o‘n yillikdagi ketma-ket boshqaruv avlodlarida Armiyaga rahbarlik va yo‘lboshchilik qilgan, ko‘plari shahidlar safiga qo‘shilgan qahramonlar siymosiga, ularning dastur va harakatlariga hamda olijanob va xolis maslaklariga e’tibor qaratish qurolli kuchlarning barcha bo‘g‘inlari uchun saboq va ilhom manbai bo‘ladi. Qaraniy, Fallohiy, Namju, Fakuriy, Bobo’iy, Sattoriy, Ardestoniy va Sayyod Sheroziy kabi ulug‘ zotlardan tortib uning so‘nggi mashhur shahidlari – Sayyid Abdurrahim Musaviy va Aziz Nasirzodagacha.

Alloh taoloning salomi va durudi Eron Islom Respublikasi Armiyasining barcha mujohidlariga – amirlari va qo‘mondonlaridan tortib xodimlari va sokin va noma’lum askarlarigacha bo‘lsin; Alloh taoloning salomi va durudi uning barcha fidoyilari va nogiron faxriylariga bo‘lsin; Uning xos salomi va rahmati Amerika va sionistik rejimning buyuk Eron millatiga qarshi olib borgan majburiy urushining barcha shahidlarining muhtaram oilalariga bo‘lsin.

والسّلام علیکم و رحمت‌الله و برکاته.
Sizlarga Allohning salomi, rahmati va barakalari bo‘lsin.

Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy
29/farvardin/1405