- Bosh sahifa
- Murojaatlar
- 2026-yil 9-aprel
Inqilobning buyuk rahbari shahodatining qirqinchi kuni munosabati bilan hamda uchinchi majburiy urushga oid muhim masalalar haqida murojaat
Bu forscha asl matnning tarjimasi. Forscha asl matn
بسم الله الرّحمن الرّحیم
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan
اِنّا فَتَحْنا لَکَ فَتْحاً مُبیناً لِیَغْفِرَ لَکَ اللهُ ما تَقَدَّمَ مِن ذَنبِکَ وَ ما تَأَخَّرَ وَ یُتِمَّ نِعْمَتَهُ عَلَیْکَ وَ یَهْدِیَکَ صِراطاً مُستقیماً وَ یَنصُرَکَ اللهُ نَصْراً عَزیزاً.
Albatta, Biz Sizga ochiq-oydin g‘alabani ato etdik. Alloh Sizning o‘tgan va keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilishi, Sizga O‘z ne’matini batamom qilishi va Sizni To‘g‘ri Yo‘lga hidoyat qilishi uchun. Va Alloh Sizga aziz – qudratli g‘alaba bilan nusrat berishi uchun. (Fath, 48:1–3)
Islom va Eron dushmanlarining eng katta jinoyatlaridan biri va bu millat tarixidagi eng og‘ir umumiy judoliklardan biri sodir bo‘lganiga qirq kun bo‘ldi; bu – Islom inqilobining buyuk rahbari, Eron millatining otasi, Islom ummatining yo‘lboshchisi, zamonamizdagi haqqa intiluvchilarning peshvosi, Eron va Qarshilik jabhasi shahidlarining sayyidi, buyuk Xomanaiy (Alloh uning pok ruhini muqaddas qilsin)ning jonni o‘rtovchi shahodati judoligidir.
Shahid rahbarimizning yuksak ruhi ilohiy qurb jivorida avliyolar, siddiqlar va shahidlar ziyofatining mehmoni bo‘lganiga qirq kun bo‘ldi; u bilan bir vaqtda yoki undan keyin Islomning ko‘plab safdoshlari, qo‘mondonlari va jangchilari, shuningdek, bir necha kunlik go‘daklardan tortib keksalargacha bo‘lgan mazlum vatandoshlarimiz ham bu ulug‘ fayzga noil bo‘ldilar.
Alloh taolo bu ummatning peshvosini O‘z miqotiga chorlaganiga qirq kecha-kunduz bo‘ldi; biroq bu safar Kalimulloh davrida yuz bergan voqeadan farqli o‘laroq, shahid rahbarning safdoshlari va uning ummati haqni barpo etish va botilga qarshi turish uchun qad rostladilar, mustahkam tog‘lar kabi Somiriy va uning buzoqchasiga qarshi sabot ko‘rsatdilar hamda otashin lava kabi bosqinchilar va fir’avnlar boshiga yog‘ildilar.
Dunyo mustakbirlari aldamchi va soxta niqoblarini yuzlaridan olib tashlab, qotillik va zulm, tajovuz va yolg‘on, fir’avnlik va bolalarni o‘ldirish, istibdod va fasodning jirkanch va shaytoniy qiyofasini namoyish etayotganlariga qirq kecha-kunduz bo‘ldi.
Biroq bunga qarshi o‘laroq, buyuk Xumayniy va aziz shahid Xomanaiyning g‘ayratli farzandlari hamda Muhammadiy (sollallohu alayhi va olihi va sallam) sof Islom izdoshlari misli ko‘rilmagan g‘ayrat va jasorat bilan maydonlarda, ko‘chalarda va jang sangarlarida hozir bo‘lib turganlariga qirq kun-u tun bo‘ldi; ular dushmanning vahshiyona hujumi yetkazgan zarba va zararlarga qaramay, uchinchi majburiy urushni uchinchi muqaddas mudofaa qahramonligi sahnasiga aylantirdilar. Ogoh va hushyor Eron millati shahid peshvosidan ayrilishning ulkan g‘amida motamsaro ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Husayniy Oshuroning bevosita merosxo‘rlariga ergashib, bu judolikdan qahramonlik, marsiyadan esa rajaz yaratdi. Bularning barchasi tish-tirnog‘igacha qurollangan dushmanni hayrat va ojizlikka soldi, dunyoning ozod insonlarini esa tahsin aytishga majbur qildi. Bu safar mustakbirlarning johilligi va nodonligi sababli 1404-yil esfand oyi Eron va Islom inqilobi nomining qudrat topishi va yuksalishidagi yangi bosqichning boshlanishi bo‘ldi, Islomiy Eron bayrog‘i esa nafaqat mamlakatimizning tuproq hududida, balki dunyoning haqqa intiluvchilari qalblarining tubida ham baland ko‘tarildi.
Ushbu munosabat buyuk rahbarni qisqacha tanishtirish uchun yaxshi fursatdir. So‘z shunday bir inson haqidaki, u qanchalik mashhur bo‘lsa, shunchalik tanilmay qoldi. Hamma biladiki, shahid yo‘lboshchimiz zamonni taniydigan va basiratli faqih, charchoqni bilmas, tog‘dek mustahkam va matonatli mujohid, amal qiluvchi va rabboniy olim, zikr, tahajjud va Parvardigor dargohiga tazarru’ ahli bo‘lib, ma’sumlarning muqaddas zotlariga (Allohning salavot va salomlari barchalariga bo‘lsin) tavassul qilar va jon-dildan ilohiy va’dalarga iymon keltirgan edilar. Ularning boshqa xususiyatlaridan biri Eronni sevish va aziz Eronning imkon qadar ko‘proq mustaqilligi uchun uzluksiz sa’y-harakat bo‘lib, shu bilan birga so‘z birligi va milliy hamjihatlikka urg‘u berardilar. Ular butun umrlarini Islomiy tuzumni barpo etish, uning mustahkamligi va barqarorligi yo‘lida sarfladilar, shu bilan birga, ularning nazarida xalqsiz Islom Respublikasi ma’nosiz edi. Qudrat va salobat bilan birga, fikrlash va ishlarga qarashda nozik did va zakovatdan ham mo‘l bahramand edilar. Mamlakat salohiyatiga, ayniqsa yoshlarga alohida e’tibor qaratardilar. Ilm-fan, texnologiya va uning soyasidagi taraqqiyotga katta ahamiyat berardilar. Shahidlar, nogiron faxriylar va aziz fidoyilarning muhtaram oilalarini alohida qadrlardilar. Turli sohalarda ba’zan bir necha o‘n yillik tarixga ega bo‘lgan qimmatli va boy tajribaga ega edilar; yana uzun ro‘yxatni tashkil etuvchi ko‘plab boshqa fazilatlar ham bor edi. Shu kunlarda ba’zi ommaviy axborot vositalarida ularning san’atkorligi, san’atni teran anglashi va san’atni qo‘llab-quvvatlashi haqida qayta-qayta so‘z yuritilmoqda. Bu xususiyat garchi yolg‘iz o‘zi bir insonning shaxsiyatiga katta qadr bag‘ishlashi mumkin bo‘lsa-da va shubhasiz aziz rahbarimizda haqiqiy ma’noda va yuksak darajada mavjud bo‘lsa-da, ularning boshqa fazilat va afzalliklari bilan solishtirilganda kichik ko‘rinadi. Men shaxsan ularda ko‘plab san’atlarni bilaman: ularning kamroq e’tiborga olinadigan buyuk san’atlaridan biri ulkan xalq ommasi va ijtimoiy guruhlarning fikrlari, ruhiyati va tuyg‘ularini shakllantirish orqali jamiyatni tarbiyalash va kamol toptirish san’ati edi.
Ularning yana bir san’ati, ayniqsa yo‘lboshchilik va rahbarlik davrining dastlabki yillarida uzoq ufqlarni ko‘zlab amalga oshirgan maqsadli muassasalar barpo etish edi.
Ularning yana bir san’ati mamlakatning harbiy tuzilmasini qudratli qilishga kirishganlari edi; Eron millati so‘nggi ikki majburiy urushda uning ijobiy samaralaridan xabardor bo‘ldi va bahramand bo‘ldi. Shuningdek, ilmiy, strategik va siyosat belgilash kabi turli yo‘nalishlardagi ixtiro va tashabbuskorlik qudrati ham ularning boshqa san’atlaridan edi; uning bir qismi tuzumning umumiy siyosatlarini ishlab chiqishda o‘z aksini topgan. Shuningdek, o‘z vaqtida yangi so‘z va iboralar yaratish orqali ma’nolar yaratish qudrati – ularning har biri ko‘plab ma’nolarni yaratib, o‘zida tashir va undan umumiy nutq (diskurs) vujudga kelardi. Jumladan, ularning yuksak ruhi mashaqqatlar, imtihonlar va sinovlarda sayqal topishi hamda haq yo‘lidagi sabr va istiqomat tufayli hosil bo‘lgan san’at – uzoq kelajakdagi voqealarni oldindan ko‘ra bilish san’ati edi; zero, اَلمُؤمِنُ یَنْظُرُ بِنورِ الله (Mo‘min Allohning nuri bilan boqadi). Yana boshqa san’atlar ham borki, ularni bu qisqa so‘zda sanab chiqishning iloji yo‘q.
Bu san’at va afzalliklarning barchasi Allohning xos inoyatlari hamda Sohibimiz va u zotning pok ota-bobolari (Allohning salavotlari barchalariga bo‘lsin)ning xos e’tiboridan boshqa manbaga ega emas edi. Ehtimol, bu inoyat va e’tiborlarni o‘sha ulug‘ zotga jalb etgan narsani uning haq so‘zini oliy qilish yo‘lidagi to‘xtovsiz va xolis sa’y-harakati va mujohadasi deb xulosa qilish mumkin. Ammo ayniqsa, xoin Pahlaviy hukumati apparatiga qarshi kurash mashaqqatlaridan tashqari, ular burchni ado etish yo‘lida yana bir alohida fursatdan katta foyda oldilar, bundan esa xalq odatda bexabar. Taqdir shunday bitilgan ediki, ilmga nihoyatda tashna va albatta amalga intiluvchi yosh sayyid, ulug‘vor otasi ko‘rlik xavfi ostida qolgan bir paytda, yillar davomida oliymaqom ustozlar huzurida tiz cho‘kib ta’lim olganidan so‘ng, Qumdagi ilmiy taraqqiyot va kelajak yaratishning barcha zohiriy imkoniyatlarini tark etib, ilohiy fazlga tayangan holda o‘zini otasiga bag‘ishladi. Bu fidoyilikdan so‘ng ilohiy tafazzul shunday namoyon bo‘ldiki, Sayyid Ali Xomanaiy o‘ttiz yoshga to‘lmasdanoq Xurosondan quyosh kabi bosh ko‘tardi va tez orada fikriy va kurash ustunlaridan biri deb e’tirof etildi, shu bilan birga an’anaviy ilmlarda ham sezilarli yutuqlarga erishdi; hatto ellikinchi yillarda SAVAK uni «Xurosonning Xumayniysi» deb atagan edi. Shuni ta’kidlashim kerakki, o‘sha ulug‘ zotning botiniy va zohiriy yuksalish jarayoni keyingi bosqichlarda ham davom etdi. Endi ulug‘ zotlar, ayniqsa shunday bir shaxsiyatning xatti-harakatidan saboq olish nuqtai nazaridan, bir-birimizga xolis xayrixohlik va hamdardlik (muvosot) xususiyatini o‘zimizga odat qilib olishimiz juda o‘rinlidir; bu xususiyat va u bilan birga Allohning keng rahmatiga umid bog‘lash haq bayrog‘i ostida turgan kishi bilan botil bayrog‘i atrofida halqa bo‘lib to‘planganlar o‘rtasidagi muhim farqdir. Shubhasiz, bunday yo‘lni izchil davom ettirish osmon eshiklarini ochadi va rahmat yomg‘irining yog‘ishidan tortib dushman ustidan g‘alaba qozonish, hatto ilmiy va texnologik taraqqiyotgacha bo‘lgan turli ilohiy va g‘aybiy madadlarni nozil qiladi.
Shu kunlarda aziz xalqning turli guruhlari haqli ravishda va hasrat bilan o‘sha zamonasining yagonasini yod etayotgani qayta-qayta eshitilmoqda va asta-sekin ularning oliy shaxsiyatining nurli gavharidan yana ko‘proq qirralar namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, o‘sha zotning ba’zi xos ishlariga ergashish odati ham asta-sekin keng tarqalmoqda; jumladan, aziz xalqimiz o‘sha zotning shahodat chog‘idagi tugilgan mushtidan ko‘p saboqlar oldi va endi ana shu tugilgan musht ba’zilar uchun aqidaning o‘ziga xos umumiy ramziga aylandi. Shu tariqa yana bir bor isbotlanmoqdaki, shahidning ta’siri hayot bo‘lgan insonnikidan ko‘ra kuchliroqdir, uning tavhidga, haqqa intilishga va zulm va tubanlikka qarshi kurashga da’vat etuvchi baland ovozi hayotlik davridagidan ko‘ra jarangdorroq, payg‘omi esa ta’sirchanroq bo‘lmoqda; shuningdek, bu ulug‘ martabali shahidning qalbiy orzusi – bu millat va boshqa musulmon millatlarning saodati – avvalgidan ko‘ra voqelikka yaqinroq bo‘ldi.
Vatandosh birodar va opa-singillar! Bugun, uchinchi muqaddas mudofaa qahramonligining shu nuqtasigacha, jasorat bilan aytish mumkinki, sizlar – qahramon Eron millati – bu maydonning qat’iy g‘olibi bo‘ldingiz.
Bugun Islom Respublikasining buyuk qudrat sifatida yuksalishining tongi va istikborning zaiflik nishabiga tushib qolgani hammaning ko‘z o‘ngida ayon bo‘ldi. Bu shubhasiz ilohiy ne’mat bo‘lib, shahid rahbarimiz va qonga belangan boshqa shahidlar, mazlum vatandoshlarimiz va Minobdagi «Shajarai tayyiba» maktabining so‘ligan gullari qonining barakasi bilan, millat a’zolarining Parvardigor dargohiga qilgan tavassul va tazarru’lari hamda ularning maydonlar, mahallalar va masjidlardagi mujohidona ishtiroki ortidan, shuningdek, Sepoh, Armiya, Faraja (Huquqni muhofaza qilish kuchlari), noma’lum askarlar va chegarachilardagi jonini kaftiga olgan Islom jangchilarining beminnat, beg‘araz va xolis jonfidoliklari tufayli Eron millatiga ato etildi. Bu ne’mat ham boshqa har qanday ne’mat kabi saqlanib qolishi va o‘sishi uchun shukr qilinishi lozim; zero, لَئن شَکَرتُم لَأزیدَنَّکُم (Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga ziyoda qilurman) (Ibrohim, 14:7). Bu ne’matning amaliy shukri – kuchli Eronga erishish uchun to‘xtovsiz sa’y-harakatdir.
Hozirgi bosqichda shahid rahbarning ushbu shiori va strategik maqsadiga erishish uchun zarur bo‘lgan narsa – aziz xalqimizning ortda qolgan qirq kundagidek ishtirokini davom ettirishidir. Bu ishtirok qudratli Eron hozir egallab turgan martabaning muhim ustunlaridan biridir.
Shu bois, dushman bilan muzokaralar o‘tkazish qarori e’lon qilingani bilan ko‘chalarda hozir bo‘lish shart emas, degan tasavvur paydo bo‘lmasligi kerak. Aksincha, faraz qilaylik, zaruratga ko‘ra harbiy jang maydonida sukunat davri navbati kelgan bo‘lsa, maydonlar, mahallalar va masjidlarda hozir bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan xalq a’zolarining vazifasi avvalgidan ham og‘irroq ko‘rinadi. Shubhasiz, sizlarning maydonlardagi hayqiriqlaringiz muzokaralar natijasiga ta’sir qiladi; xuddi «Eron uchun jonfido» harakatining hayratlanarli va tobora ortib borayotgan millionlik soni ham bu sohada ta’sirchan omillardan biri bo‘lganidek. Alloh tabaroka va taoloning izni bilan bu faol ishtiroklar va ularning davom etishi natijasida Eron millati oldida turgan istiqbol unga shon-shavkatli, porloq, izzat, sarbalandlik va farovonlikka to‘la davr kelishini bashorat qilmoqda. Shahid rahbarimiz rahbarlikni o‘z zimmalariga olganlarida, Islom Respublikasi tuzumi Islom va Eron dushmanlari tomonidan ko‘plab jarohatlar yetkazilgan nihol kabi edi, albatta, u bularning barchasiga yaxshi bardosh bergan edi. Ammo qariyb 37 yildan so‘ng ummat yo‘lboshchiligi kursisini tark etganlarida, ildizi mustahkam, shox-barglari mintaqa va dunyoning muhim qismlariga soya solgan shajarai tayyibani (pok daraxtni) o‘zlaridan meros qoldirdilar. «Imkon qadar kuchliroq Eron»ga erishish yondashuvi jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasidagi birlik yo‘lidan o‘tadi, bunga u zot qayta-qayta urg‘u berganlar. Bu birlikning salmoqli bir qismi shu qirq kun ichida ro‘yobga chiqdi: xalqning qalblari bir-biriga yaqinlashdi, turli qarashlarga ega bo‘lgan turli qatlamlar o‘rtasidagi muzlar erib boshladi, hamma Vatan bayrog‘i ostida jamlandi va kundan-kunga bu jamoaning soni va sifati ortib bormoqda. Hali bunday ishtirokka erishmagan ko‘pchilik ham qalban maydonlarda hozir bo‘lgan jamoalar bilan hamroh va hamfikrdir.
Shu kunlarda ko‘pchilik uzoq ufqlarga ko‘z tikib, tamaddun nigohini tajriba qilmoqda va o‘zi uchun xayoliy emas, balki hozirgi va kelajakdagi voqeliklarga tayangan manzarani yaratmoqda. Bu xususiyat sal ilgarigacha faqat shahid rahbar boshida turgan oz sonli kishilardagina ko‘rinar edi. Shu tariqa har qanday kuzatuvchi bu millatning tez va mo‘jizaviy o‘sishini anglaydi; bejiz emaski, shu kunlarda zamonaning mashhur hakimi va oliymaqom faqih sizlar bilan bu sha’n haqida so‘zlaganida, ko‘p marta bo‘g‘ziga tiqilgan yig‘i so‘zini to‘sib qo‘ymoqda.
Shu o‘rinda Eronning janubiy qo‘shnilariga aytamanki, sizlar bir mo‘jizaga guvoh bo‘lmoqdasiz. Bas, to‘g‘ri ko‘ring, to‘g‘ri anglang, to‘g‘ri joyda turing va shaytonlarning yolg‘on va’dalariga shubha bilan qarang. Biz hali ham sizlar tomondan munosib munosabat kutmoqdamizki, sizlarga o‘z birodarligimiz va xayrixohligimizni ko‘rsataylik. Bu esa sizlarni tahqirlash va ekspluatatsiya qilish uchun hech bir fursatni qo‘ldan boy bermaydigan mustakbirlardan yuz o‘girishingiz bilangina amalga oshadi. Buni hamma bilishi kerakki, Alloh taoloning izni bilan biz mamlakatimizga hujum qilgan jinoyatkor bosqinchilarni aslo tinch qo‘ymaymiz. Albatta, yetkazilgan har bir zarar uchun tovon, shahidlarning xunini va bu urush nogironlarining diyasini talab qilamiz va albatta Hormuz bo‘g‘ozini boshqarishni yangi bosqichga olib chiqamiz. Biz urush istagan emasmiz va istamaymiz, lekin hech qachon o‘zimizning haqli huquqlarimizdan voz kechmaymiz va bu yo‘nalishda butun Qarshilik jabhasini yaxlit holda nazarda tutamiz.
Ushbu bosqichda, bizga tegishli bo‘lgan narsaga erishgunga qadar, birinchidan, millatning barcha a’zolari bir-birlarini e’tiborga olishga harakat qilsinlar, toki har qanday urushning tabiiy oqibati bo‘lgan tanqisliklar tufayli turli qatlamlarga kamroq bosim tushsin. Albatta, ba’zan sizlarga qarshi turgan jabhada ancha ko‘proq mavjud bo‘lgan bu tanqisliklar hukumat va boshqa muassasalardagi birodar va opa-singillaringizning sa’y-harakatlari tufayli sezilarli darajada boshqarib kelinmoqda.
Ikkinchidan, miya va qalbning derazasi bo‘lgan quloqlarimizni dushman tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yoki u bilan hamfikr bo‘lgan ommaviy axborot vositalaridan asrash zarur ishdir. Shubhasiz, o‘sha OAV Eron mamlakati va millatining xayrixohi emas va bu ma’no ko‘p marta isbotlangan. Shu bois, yo ularga murojaat qilish va ulardan foydalanishni butunlay tark etaylik, yoki hech bo‘lmaganda ular taqdim etayotgan har bir narsaga katta shubha bilan munosabatda bo‘laylik.
Uchinchidan, aziz millat garchi buyuk rahbari shahodati munosabati bilan rasmiy motam muddati tugashi bilan motam libosini yechsa-da, u zotning va ikkinchi va uchinchi majburiy urushlarning barcha shahidlarining pok qoni uchun qasos olish borasidagi qat’iy azmni ruhi va qalbida tirik saqlaydi va doimo uning amalga oshishini kutib turadi.
So‘nggida Sohibimiz (Alloh taolo uning zuhurini tezlashtirsin)ga murojaat qilib arz qilamanki, biz Alloh taologa iymon keltirib, ma’sum imomlarga (Allohning salavot va salomlari ularga bo‘lsin) tavassul qilib va shahid rahbarimizga ergashib, Janobingizning bayrog‘i ostida kufr va istikbor jabhasiga qarshi turibmiz; bu yo‘lda turli tabaqalardan qimmatli shahidlarni mamlakat izzati va mustaqilligi hamda Islom va Islom inqilobining yuksalishi yo‘liga taqdim etdik va boshqa zararlarni ham ko‘rdik. Endi butun vujudimiz bilan muzokaralar sahnasida ham, jang maydonida ham dushman ustidan qat’iy g‘alaba qozonish uchun Hazratingizning xos duosiga umid bog‘lab turibmiz va imkon qadar tezroq ham biz, ham dushmanlarimiz uning mo‘jizaviy ta’sirini ko‘rishimizga umid qilamiz, inshaAlloh.
والسّلام علیکم و رحمةالله و برکاته
Sizlarga Allohning salomi, rahmati va barakalari bo‘lsin.
Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy
20/farvardin/1405