- Bosh sahifa
- Murojaatlar
- 2026-yil 26-oktabr
Iqtidorlilar hamda ilm-fan va sport medalchilariga murojaat
Bu forscha asl matnning tarjimasi. Forscha asl matn
بسم الله الرحمن الرحیم
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan
Ushbu kunlar rivoyatlardan biriga ko‘ra jannat ayollarining sarvari va sayyidasi, pokiza va siddiqa Hazrat Fotima Zahro (Allohning salavot va salomi unga bo‘lsin)ning shahodat kunlariga to‘g‘ri keladi. U zotning shahodat vaqti noma’lum qolgani ajablanarli; xuddi shu ilohiy nurning sharafli dafn joyi yashirin qolganidek, oliy martabada u zotning qadr-qimmati va maqomi ham noma’lum va inson idrokidan yuksakdir. U Allohga ibodat, ubudiyat va bandalikda namunali shaxs; Payg‘ambari A’zam bilan alohida va har tomonlama hamrohlikda hamda Amirul mo‘minin (Allohning salavot va salomi ikkalasiga va ularning oilasiga bo‘lsin) viloyatini jon-dildan himoya qilishda, shuningdek ma’rifat o‘rgatish va ta’limda, vaziyatni to‘g‘ri anglash va haq uchun qo‘zg‘alishda, sabot va tushuntirishda oliy namuna; sabr, fidokorlik, isor, minnatsiz xizmat va jamiyatdagi o‘zaro hamdardlikda birinchi darajali o‘rnak; turmush o‘rtoqlik, onalik hamda farzandlarni va insoniyat rahbarlari bo‘lgan pok imomlar (Allohning salavot va salomi ularga bo‘lsin) naslini tarbiyalashda namuna; say-harakat, mujohada, poklik, orastalik, taqvo, nuroniylik va ma’naviyatda namuna; bir so‘z bilan aytganda, barcha mo‘min ayollar va erkaklar uchun o‘rnakdir. Har tomonlama kamolotga ega Fotimiy shaxsiyatning yorqin fazilatlaridan biri shundaki, u Eronning inqilobiy va musulmon millati uchun buyuk ijtimoiy harakatlar, kurash, jihod va xalq harakatlari maydonlarida ishtirok etish, hatto ilmiy sohalarda taraqqiyot irodasi hamda kamtarona va minnatsiz xizmatning yo‘l xaritasini ochib beradi.
Aziz Eronimiz ushbu davrda eng avvalo iroda va umidning mazharidir va bu umidda, taraqqiyotda hamda uning porloq kelajagi yo‘liga qadam qo‘yishda iqtidorlilar va iste’dodli hamda qobiliyatli eronlik yoshlarning roli beqiyosdir. Biroq iqtidorlilik geografiyasi faqat ilm-fan va texnologiya yoki sport va turli mahoratlar sohasi bilan cheklanmaydi. Har qanday ijobiy va maqbul ustunlik iqtidorlilikni ro‘yobga chiqarishi mumkin. Bu kunlarda biz ushbu yurtning kengroq ufqqa nazar tashlab, o‘z vatanining muqaddas bayrog‘ini yuksaltirish yo‘lida mujohada qilayotgan sara insonlarining iqtidorlilik namoyishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ular basirat va jihod iqtidorlilaridir. Biz Rizali Xojaviy va Ali Landiy kabi insonlarni nomlari madaniy muassasalar peshtoqiga yozilishi lozim bo‘lgan iqtidorlilar deb bilamiz; jamiyatning bunday sara gullari qatoriga o‘z jonlari va salomatliklarini fido qilib, Islomiy Eron va uning aziz millati taqdiriga favqulodda ta’sir ko‘rsatgan va yagona Ma’buddan bandalik medalini olgan shahidlar va fidoyilar kiradi.
Avvalo fursatdan foydalanib, astronomiya va astrofizika, matematika, Yer haqidagi fanlar, geografiya, fizika, kimyo, biologiya, informatika va sun’iy intellekt, gumanitar fanlar bo‘yicha olimpiadalarda ko‘plab nishonlar, medallar va ilmiy yutuqlar qo‘lga kiritilgani hamda so‘nggi turli sport yutuqlari bilan mamlakatimizning barcha aziz xalqini va har bir faxr keltiruvchini tabriklayman hamda iftixor va umid karvonini oldinga boshlovchilar va mamlakat taraqqiyotining bayroqdorlari — o‘smirlar va yoshlardan tortib murabbiylar, ustozlar va donishmandlargacha bo‘lgan barcha iqtidorli qatlamlarning azmu irodasiga o‘z ehtirom va minnatdorligimni izhor etaman. Iqtidorlilarning mamlakatda tub o‘zgarish yasashga bo‘lgan ishtiyoqi va umidi — men o‘tgan yillar va o‘n yilliklar davomida yaqindan ham, uzoqdan ham guvohi bo‘lib kelayotgan yonib turgan alangadir; iqtidorlilar va mamlakatdagi ilmiy oqimning buyuk va umidbaxsh harakatini hamda bu harakatning ilmiy yo‘nalishlar, olimpiadalar va sport turlaridagi takroriy, ketma-ket va har yilgi chempionliklardagi namoyon bo‘lishini ko‘rish butun Eron millati uchun faxrli va g‘ururlidir.
Mamlakatimizning tirishqoq sportchilarining so‘nggi kunlar va oylarda turli sport turlarida qo‘lga kiritgan yorqin o‘rinlari va yangi rekordlar o‘rnatishi ularning say-harakati, himmati, irodasi va imonidan dalolat beradi. O‘zlarining jismoniy qudrati, ruhiy, axloqiy va imoniy kuchi hamda tinimsiz mehnati bilan barcha millatlar ko‘z o‘ngida aziz Eronning qudratini oshirayotgan va g‘ayratli Eron millatining hayotbaxshligini butun dunyoga namoyish etayotgan sportchilar; eronlik ayol libosining faxrli ramzini dunyoda porlatayotgan sportchi ayollar; Eron millati qalbiga shodlik va ishtiyoq baxsh etayotgan hamda Islomiy Eronning sarbaland bayrog‘iga izzat bag‘ishlayotgan sport medalchilari — har biri o‘z hissasiga ko‘ra qudratli Eronga mazmun berishda ishtirokchi va ta’sirlidir.
Bu kunlar universitetlar, ilmiy havzalar va maktablarda ilm va tadqiqotga shijoat va e’tibor kunlari bo‘lgani bois, bu borada ilm ixlosmandlari, millat iqtidorlilari va aziz Eron donishmandlariga qisqacha so‘z aytishni lozim deb bilaman.
Iqtidorlilik — ilohiy ne’mat va in’omdir, uning asosiy sarmoyasi iste’dod va aqliy salohiyat bo‘lib, Eron millati, xususan mamlakatimiz yoshlari Alloh ato etgan ushbu ne’mat va buyuk boylikka egadirlar. Aql va bandalik sharti shuki, inson ilohiy ne’matning shukrini munosib tarzda ado etsin; agar shukr uning barcha — qalbiy, tiliy va amaliy darajalarida amalga oshsa, o‘sha ne’matning kamoliga yetish yo‘li ochiladi. Iqtidorlilik ne’matining qadriga yetish ham avvalo iqtidorli shaxsning o‘zi tomonidan, so‘ngra keyingi bosqichlarda uning atrofidagi muhit — ota-ona, oila, o‘qituvchi va ustozdan tortib maktab va universitet muhiti hamda mamlakat tizimigacha — tomonidan amalga oshirilishi lozim, toki u bu salohiyatni o‘stirib, ko‘paytirsin va undan to‘g‘ri foydalansin. Shu asosda iqtidorli shaxs bu ne’matning amaliy shukrida og‘irroq mas’uliyatga ega bo‘lib, o‘z iqtidorini kuchaytirish va rivojlantirish bilan birga, bu iste’dodni mamlakat va jamiyat muammolarini hal etishda eng yaxshi tarzda qo‘llashi lozim.
Iqtidorli shaxs shunchaki e’tiborga molik iste’dod va zehnga ega bo‘lgani uchun o‘zini boshqalardan ajralib turgan alohida mavjudot deb bilib, faqat o‘tkinchi va shaxsiy istaklarini o‘ylaydigan kishi emas; iqtidorli shaxs — o‘z iste’dodining rivoji haqida qayg‘uradigan, o‘zini jamiyatning ta’sirchan unsuri deb biladigan va o‘z iste’dodi va salohiyatidan bir vaqtning o‘zida o‘zining ham, jamiyatining ham rivoji uchun foydalanadigan kishidir. Eronlik iqtidorlilar bilim va iste’dodni xalq va mamlakatning real muammolarini hal etish vositasiga aylantirish mumkinligini ko‘rsatdilar hamda o‘zak hujayralar, nano va biotexnologiyalardan tortib ilg‘or aviatsiya va kosmik texnologiyalar, sanoat, kon ishi, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, yadro sohasi, energetika va infratuzilmagacha o‘z ilmi, bilimi va iqtidorini amaliyotga tatbiq etishga intildilar. Barchamiz bu ilg‘or harakatning samaralari va ko‘rinishlarini real hayotda kuzatmoqdamiz. Elektr stansiyalarida eronlik turbinalar bilan elektr energiyasi ishlab chiqarish, janubiy orollardagi suv chuchuklashtirish qurilmalarida bilimga asoslangan texnologiya, qishloq xo‘jaligi ishlari hamda suv va tuproqdan foydalanishni optimallashtirish uchun shimoldagi dalalar, bog‘lar va sholipoyalar uzra uchayotgan qishloq xo‘jaligi dronlari, «Ro‘yan» institutining ilg‘or texnologiyalari yordamida farzandsiz oilalarda bolalar dunyoga kelishi, radiofarmpreparatlar yordamida og‘ir davolanadigan kasalliklarni aniqlash va davolash, masofaviy zondlash sun’iy yo‘ldoshlari yordamida yer, suv va hosilni kuzatish hamda ilmiy va texnologik tashabbuslar orqali samaradorlik va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish — bu ulkan va barakali majmuaning tilga olish mumkin bo‘lgan bir necha namunalari, xolos; bunday yutuqlarning boshqa ko‘plari, ayniqsa mudofaa va harbiy sohalarda, o‘z vaqtida dunyoni bir necha bor hayratda qoldirgan va kelajakda ham shunday bo‘ladi.
Qudratli Eron ilmiy va texnologik qudratga tayanadi va bu yo‘nalish Eronning jahon tenglamalari va yangi dunyo tartibidagi rolining eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Demak, uni yanada kuchaytirishning kaliti — iqtidorlilarning mamlakat ilmiy masalalarida chegaralarni yorib o‘tishi va yechim yo‘llarini ochishidir; Islomiy Eron dushmanlarining olimlar va iqtidorlilarga qarshi qabihligi va jinoyatlari esa iqtidorlilarning mamlakat qudratidagi ta’sirchan rolini ko‘rsatadi. Jamiyatimizning atoqli olimlari va ta’sirchan iqtidorlilarini ikkinchi va uchinchi majburiy urushlarda, albatta, bundan yillar oldin ham ilmiy muhitda va oddiy hayotlarida terror qilayotgan dushman Eronning taraqqiyoti va qudratini ko‘ra olmaydi va aziz Eron iqtidorlilarini zaiflashtirish uchun barcha vositalari va usullaridan foydalanadi: umidsizlantirish va tushkunlikka solishdan tortib ularning aqli va ruhini egallash, yangi mustamlakachilik domiga yutib yuborish hamda ularni G‘arbning talonchilik va kapitalizm mashinasining murvatiga aylantirishgacha. U bu millatning shahid bo‘lgan iqtidorlilari, olimlari, ustozlari, talabalari va o‘quvchilari qonining har bir tomchisi iroda va taraqqiyot to‘fonini qo‘zg‘atgani va qo‘zg‘atayotganidan g‘ofildir.
Eron millati o‘zining qadimiy sivilizatsiyasi tarixini, ilm va fanlardagi turli iftixorlarini, dunyoga mashhur siymolari va olimlarini hamda Qojorlar va Pahlaviylar davridagi ikki asrlik og‘ir qoloqlik va tarixiy passivlikni yodda tutadi. Bu millat «اَلعِلمُ سلطان» (ilm — hokimiyatdir) g‘olibona o‘ta strategiyasining qadr-qimmatini va uning G‘arbning ilmiy hukmronligini qabul qilmaslikdagi natijalarini, shuningdek, so‘nggi uch o‘n yillikda iqtidorlilarning jadal ilmiy va tadqiqotchilik o‘sishini biladi; buning salmoqli qismi buyuk shahid rahbar (Alloh uning pok nafsini muqaddas qilsin)ning alohida tadbirlari va yo‘l-yo‘riqlari tufaylidir. Agar hozirgi bosqich va uchinchi majburiy urushdan oldin yangi ilmiy yuksalish iqtidorlilar uchun lozim va zarur tavsiya bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi ikki urush tajribasi bu yangi ilmiy yuksalish chuqur va jadal bo‘lishi kerakligini hammaga isbotladi. Buning uchun idoralar va ilmiy, tadqiqot va texnologiya markazlari mas’ullaridan tashqari, aziz Eronning har bir iqtidorlisi va donishmandi Islomiy Eronning shonli kelajagini qurish, uning taraqqiyoti va obodonligidagi asosiy vazifasiga jiddiy kirishib, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishi lozim:
Birinchidan, mamlakatda fundamental fanlar va gumanitar fanlarni rivojlantirish uchun jiddiy va aniq amaliy dastur bo‘lishi lozim. Fizika, kimyo, biologiya fanlari va matematika kabi fundamental fanlarning boshqa fanlar va amaliy texnologiyalarning asosiy poydevori sifatida o‘sishi va rivojlanishi mamlakat ilmiy-texnologik taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchidir. Biror yuksaklikka erishgan har bir millat bunga fundamental fanlar orqali erishgan, bu fanlarda rivojlanmagan mamlakat esa doimo ortda qoladi.
Ikkinchidan, ochilmagan haqiqatlarga e’tibor qaratish, fundamental fanlarda chegaralarni yorib o‘tish va bu fanlarda, ayniqsa matematikada, mashhur yechilmagan masalalarni yechish uchun doimiy musobaqa maqsad va manzil sifatida muntazam e’tiborda bo‘lishi lozim.
Uchinchidan, ilmiy yuksalishning kalit nuqtasi ijodkorlik va innovatsiyadir. Barcha yoki aksariyat fanlarda o‘sish va yangilikning asosiy unsuri bo‘lgan ijodkorlik va ijobiy tasavvurga keng yo‘l berish, kashf etish, yaratish va tashabbus ko‘rsatish uchun ilmiy jasorat hamda yangi va hali hech kim bosmagan yo‘llarni sinab ko‘rish uchun shaxsiy va milliy o‘ziga ishonchni oshirish nihoyatda zarur va foydalidir. Samarali ijodiy yechim taklif eta oladigan har bir kishi uchun maqbul va jozibador rag‘batlarni ko‘zda tutish bunga zamin yaratishda ta’sirlidir.
To‘rtinchidan, ilmiy masalalarni hal etishda o‘z kuchiga tayanish, infratuzilmalarni ta’minlash va mamlakat chegaralaridan tashqaridagi faoliyat va harakat uchun texnologik to‘siqlarni bartaraf etish ichki tuzilma mustahkamligi bilan jahon miqyosida yangi ufqlar ochishning uyg‘unligini yaratadi.
Beshinchidan, tajribaviy va amaliy yo‘nalishlardagi iqtidorlilar iste’dodiga keng yo‘l berish, jumladan talabalikning dastlabki yillaridanoq sanoatni universitet bilan bog‘lash va bilimga asoslangan bizneslarni yengillashtirish bilimni qo‘llash va iqtidorlilarning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Mamlakat ilm-fan va texnologiya salohiyatlarini bir yo‘nalishga birlashtirish hamda iqtidorlilar va ilmiy-tadqiqot markazlarining bilimga asoslangan kompaniyalar, sanoat korxonalari va hatto startaplar bilan aloqasini mustahkamlash, shu bilan birga ijro etuvchi idoralarning bilimdan iste’molgacha bo‘lgan zanjirni qo‘llab-quvvatlashi — suv, tuproq, oziq-ovqat va energiyadan tortib sun’iy intellektgacha bo‘lgan mamlakatning bugungi va ertangi muhim masalalari atrofida — ustoz va talabaning ish stolini universitetlar va tadqiqot markazlari laboratoriyalaridan ustaxonalar va zavodlarga ulashi va ko‘chirishi mumkin. Jadal sakrash iqtisodiy manfaatlar va mahsulot hamda xizmatlarni tijoratlashtirish bozori iqtidorlilarning ishtiyoqi va irodasi bilan uyg‘unlashib, ilm va tadqiqot institutining sanoat va iste’mol bozori bilan barqaror va uzluksiz aloqasini o‘rnatgan taqdirdagina ro‘yobga chiqadi.
Shuningdek, universitet va havzaning turli nazariy va tajribaviy yo‘nalishlaridagi iqtidorlilarning rejalashtirish va siyosat belgilash darajalarida bevosita va samarali ishtirok etishi mamlakat taraqqiyotiga katta yordam beradi va mas’ullar sadoqatli iqtidorlilarning shaxsiy salohiyati, aqlliligi va jamoaviy donoligidan to‘laqonli foydalanishga burchlidirlar.
Agar bu yo‘l to‘g‘ri bosib o‘tilsa, ilmning og‘irlik markazi va o‘choqlari, ayniqsa fundamental fanlarning ayrim turlari, asta-sekin G‘arb mamlakatlaridan Eronga ko‘chadi va mamlakat uzoq bo‘lmagan yillarda ilmiy va texnologik marja’ga aylanadi hamda hakim va shahid rahbarimiz (Alloh uning sharafli maqomini oliy qilsin)ning fors tilini dunyoning ilmiy marja’ tillaridan biriga aylantirish haqidagi yuqorida zikr etilgan maqsadi ro‘yobga chiqadi.
Inshaalloh, iqtidorlilik maydoni shahidlari qonining barakoti va sarvarimiz va mavlomiz (Alloh taolo u zotning sharafli farajini tezlashtirsin)ning xayrli duosi bilan millat iqtidorlilari va donishmandlarining chuqur va jadal ilmiy yuksalishi hamda tobora qudratli Eronning yangi islomiy-eroniy sivilizatsiyaga erishish yo‘lidagi har tomonlama taraqqiyoti ro‘yobga chiqib, muyassar bo‘lsin.
Sayyid Mujtabo Husayniy Xomanaiy
4/obon/1405